Kalit so‘zlar: Islom dini, jaholat davri, Qur’oni karim, Muhammad sollallohu alayhi vasallam, iymon, shirk, axloq, jamiyat, ma’naviyat, shariat, hadislari, harom va halol, ijtimoiy adolat.
Anotatsiya: Mazkur maqolada Islom dinining jaholat davriga barham berishdagi o‘rni ilmiy-nazariy asosda tahlil etiladi. Unda Islomning mazmun-mohiyati, uning insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilishdagi ahamiyati hamda jamiyat ma’naviy hayotini isloh etishdagi roli yoritilgan. Islom dinining asosiy manbalaridan — Qur’oni karim oyatlari va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislari orqali insonni tubanlikka yetaklovchi illatlar, jumladan shirk, qotillik, o‘g‘rilik, zino, xamr va qimorning qat’iyan man etilganini dalillar asosida bayon qilinadi.
Jamiyat ma’naviy inqiroz girdobiga g‘arq bo‘lib, axloqiy mezonlar izdan chiqqan bir davrda Islom dini tarix sahnasiga kirib kelib, insoniyat tafakkuri va ijtimoiy hayotida tub burilish yasadi. U nafaqat e’tiqodiy tizimni yangiladi, balki insonning ichki dunyosini poklash, jamiyatni esa adolat, halollik va ma’naviy komillik sari yetaklashga qaratilgan mukammal nizomni taqdim etdi.
Ilmiy-nazariy jihatdan qaralganda, Islom dini inson xulq-atvorini tartibga soluvchi qat’iy me’yorlar tizimini shakllantirdi. Alloh taolo o‘zining kalomi orqali va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlari vositasida insonni tubanlikka yetaklovchi barcha illatlarni man etdi. Jumladan, shirk – ya’ni yagona Zotga sherik keltirish, qotillik, o‘g‘rilik, qaroqchilik, zino, mast qiluvchi ichimliklarni iste’mol qilish, qimor, zulm va boshqa ko‘plab qabih amallar qat’iyan harom etildi.
Qur’oni karim oyatlarida Alloh taolo shirkni eng ulkan gunoh sifatida keskin qoralab, insonni yagona haq yo‘lga da’vat etadi.
“Albatta Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur. Kim Allohga (biror kimsa yoki narsani) sherik keltirsa, bas, u buyuk gunohni to‘qib chiqaribdi”, [2: 1, 555]. Bu oyati karimadan ko‘rinadiki kimki Alloh haq subhanahu va taologa shirk keltirgan holda vafot etsa, u ahli jahannam erur, agar Alloh azza vajallaga iymon keltirgan holda vafot etsa, ahli jannat erur agarchi jahannamda bo‘lsa ham. Alloh azza vajallaga shirk keltirishlik eng katta gunohi kabiralardan ekanligi bu oyati karimada bayon bo‘lyapti [6, 24 b]. Til uchida Xudo bitta deyish bilan Islomning shartlari bajarilgan bo‘lib qolmaydi. Islom yagona Allohga ibodat qilishni va boshqa ilohlar to‘g‘risidagi yolg‘on tasavvurlardan voz kechishni, boshqa ahamiyatsiz voqealarga ibodat nazari ila qaramaslikni talab qiladi.
Shu bilan bir qatorda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomning asosini bayon qilib berdilar:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «بُنِيَ الإِسْلاَمُ عَلَى خَمْسٍ شَهَادَةِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهَ وَأَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ وَالحَجِّ وَصَومِ رَمَضَانَ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsaga bino qilingandir: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad uning bandasi va elchisidir”, deb guvohlik keltirish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, – dedilar.
Odam o‘ldirish Islom shariatidagi eng katta gunohlardan biri bo‘lib, bu haqda Alloh azza vajalla shunday deydi: “Kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir”, [2: 1, 598].
Mo‘min kishini qasddan o‘ldirish shunchalik katta jinoyat va gunohki, uni qul ozod qilish bilan ham, xun to‘lash bilan ham yuvib bo‘lmaydi. Mo‘min mo‘minni qasdan o‘ldirishi bir beayb jonga qo‘shib, iymondek ulug‘ nemat bilan vujudga kelgan aqida qardoshligini ham o‘ldirishdir. Shuning uchun ham qisqa bir oyatda Alloh azza vajalla bunday jinoyatchiga jazo tayinlamoqda.[6, 48 b].
Mazkur oyatdagi jazolar oxiratda olinadigan jazodir. Ammo boshqa oyat va Hadislardan kelib chiqib, unga bu dunyoda ham ma’lum jazolar belgilangan. Avvalo qotil ustidan o‘ldirilgan shaxsning valiyul amirlari hukmga ega bo‘ladilar. Ular xohlasalar qotildan qasos olish maqsadida o‘ldirilishini talab qiladilar, xohlasalar kechib yuboradilar yoki kuchaytirilgan xun oladilar.
O‘g‘irlikni barham topishi haqida Alloh azza vajalla shunday deydi: “O‘g‘ri erkakni ham, o‘g‘ri ayolni ham qilmishlariga jazo bo‘lsin uchun, Alloh tomonidan azob bo‘lsin uchun qo‘llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir”, [2: 2, 53].
Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan aytilgan Hadisga nazar soladigan bo‘lsak unda:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، قَالَتْ: أُتِيَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِسَارِقٍ فَقَطَّعَهُ، فَقَالُوا: مَا كُنَّا نَرَاكَ تَبْلُغُ بِهِ هَذَا، قَالَ: «لَوْ كَانَتْ فَاطِمَةَ لَقَطَعْتُهَا». رَوَاهُ النَّسَائِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir o‘g‘ri keltirildi so‘ngra uni (qo‘lini) kesdirdilar. Bas, (sahobalar): biz sizni bunday qiladi deb o‘ylamagan edik, deyishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar (qizim) Fotima bo‘lganda edi, albatta, unining (qo‘lini) o‘zim kesar edim”, – dedilar”. Imom Nasoiy rivoyat qilgan [ 3: 2, 67 b].
Bu masalaga e’tibor beradigan bo‘lsak eng avvalo Alloh azza vajalla o‘g‘irlikni qattiq malomatga olib, o‘g‘ri qilgan bu ishi evaziga qo‘li kesilishi va Alloh taolo tarafidan tayinlangan had ekani sarohatan ko‘rinib turibdi, shu bilan bir qatorda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining hadisi shariflarida o‘g‘rini qo‘li chopilishini aytyaptilar. Agar moziyga nazar soladigan bo‘lsak bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir qabilaning baobro‘ ayolni o‘g‘ilik qilgani haqidagi xabar yetib qoldi va u isbotlandi, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘lini kesishlikka buyurdilar, so‘ng u ayoldan bir vakil kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni kechirishligini aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar qizim Fotima bu ishni qilganda edi, unining qo‘lini o‘zim kesar edim”, deganlarini eslab ko‘rsak o‘g‘irlikni qanchalar malomatga olinganligining shohidi bo‘lamiz.
Zino jamiyatni jar yoqasiga yetaklaydigan omillardan biri bo‘lib bizning shariatimizda bu narsa juda qattiq qoralangan, zino eng katta gunohlardan biri bo‘lgani uchun ham ko‘p o‘xshatishlarda zinoga qiyos qilinadi va bu haqda Alloh azza vajalla shunday deydi:
“Zinokor ayol va zinokor erkak — ulardan har birini yuz darradan uringlar. Agar sizlar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar Allohning (bu) hukmida (ya’ni zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm-shafqat (tuyg‘ulari) tutmasin! Ularning azoblanishiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar!”, [2: 4, 104 b].
Agar oilali erkak va xotinlar zinokorlik qilsalar, ularning jazolari toshbo‘ron qilinib o‘ldirilmoqdir, shu bilan bir qatorda zinokorlarni xaloiq oldida jazolash ularga beriladigan yana bir ma’naviy jazo choralaridandir.
Yana bu oyatda jamiyatni fisqu-fasoddan toza tutish, nasl-nasablarni aralashib ketishidan saqlash va insonlarni axloqiy tubanlikdan asrash uchun Alloh taolo farz qilib qo‘ygan ayrim jazo choralari, jumladan zinokorlikka qarshi, tuhmatchilikka qarshi Islomiy jazo choralari ham zikr qilingandir. Va bu bilan Islom nazarida kishi uchun birovning molini nohaq olish qanday harom sanalsa, birovning or-nomusiga tegish yoki nohaq obro‘sini to‘kish ham shunday harom ekanligi uqtiriladi.
Xamr ichish, qimor o‘ynash va folbinlik qilish har bir shariatda qaytarilingan, shuningdek Islom dinimizda ham qaytarilingandir. Bunga quyidaga oyat hujjat bo‘ladi:
“Ey mo‘minlar, xamr (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya’ni ularga sig‘inish) va cho‘plar (ya’ni cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning har biridan uzoq bo‘lingiz! Ichkilik, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!”, [2: 2, 115-116 b].
Bu hukm Qur’oni karimdagi aroq, qimor haqidagi oxirgi hukmdir, musulmonlar mana shu hukmga amal qilishlari farzdir. Qur’on karim oyatlari bularni quruqdan-quruq harom deyish bilan kifoyalanmay, nima sababdan harom qilinganini ham bayon qiladi. Avvalga qaytadigan bo‘lsak sahobalar xamr ichishgan holda namozga kirishgan, keyin esa bu narsa man bo‘lgan va bir necha voqealardan so‘ng xamr ichish butkul harom bo‘lgan. Xamrning kasofatidan Hamza roziyallohu anhu Ali roziyallohu anhuning to‘yimga deb olib qo‘ygan ikki tuyasini so‘yib qo‘yishi va sahobalarni bir-birlari bilan xamr sababidan kayf hollarida jiqqi musht bo‘lishganlarini tarixdan bilamiz. [6, 98 b]
Islom insonlarni qabihlikdan qaytarib, amri ma’rufga undadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmishtadan ko‘p shoxdir, bas, uning eng afzali “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir”, deyishlik va uning eng adnosi yo‘ldan zarar beradigan narsalarni olishlik va hayo ham iymondan bir shohdir”, – dedilar.
Yuqoridagi hadisga qaraydigan bo‘lsak iymon bir nechta shoh bo‘lib, ularning eng afzali Alloh taoloni yakkayu-yolgiz deb bilish ekan. Agar inson haqiqatda ham Alloh azza vajalladan dilida qo‘rqsa unday odam gunohlardan tiyiladi, hamisha Allohni nazoratida ekanligini his qilib turadi. Uning eng adnosi, insonlarga zarar beradigan narsalarni olib qo‘yishlik. Umar roziyallohu anhu yigilik chog‘ida bilagida kuchi borlardan bo‘lib, johiliyat davrida uylarni buzib tashlaydigan, hayvonlarga ozor beradigan va yo‘llarni buzib yuradigan qiziqqonlar yoshlardan edilar. Ammo dinimiz Islom bunga ham barham berdi, yo‘ldan zarar beradigan narsalarni olishlik iymon darajasiga ko‘tarildi va buning oqibatida Umar roziyallohu anhudek zot bunyodkorlar sultoniga aylandilar. Shuningdek iffatlili va hayolili ham mo‘min kishining ramzi bo‘lishi kerak ekan.
Yaxshi xulq, ochiq chehralik, kishilarga ozor berishdan saqlaydi, bundan ko‘rinadiki Islom kelib johiliyat davridagi kishilarni sanamlaga ibodat qilishdan va behayo bo‘lishdan qaytargan ekan.
Islom husni xulqqa katta e’tibor beradi. Bu haqda Qur’oni karim oyatlari va Hadisi shariflar juda ko‘p.
Islom dini insoniyatni jaholat zulmatidan chiqarib, uni ma’naviy poklanish, axloqiy yetuklik va ijtimoiy adolat sari yetaklovchi mukammal din bo‘ldi. Qur’oni karim va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ta’limlari asosida inson xulq-atvori tartibga solinib, jamiyatni tanazzulga olib boruvchi illatlarga barham beriladi. Natijada sog‘lom, barqaror va ma’rifatli jamiyat shakllanishiga zamin yaratiladi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- “Qur’oni Karim”
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol.Toshkent: ”Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh nashriyoti; 2009 y.
- Muhammad ibn Abdulloh al-Xotiybul-Umariy at-Tabriziy, Mishkat ul-Masobih. Bayrut: 2001 y.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. Toshkent: 2011
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Al-adab al-Mufrad. Toshkent: 2008 y.
- Imom Shamsiddin Abu Abdurahmon Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az- Zahabiy. Kaboir. Qohira: 2002 y.
Abdulhodiy Abdurahmonov,
Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi











